AKFA Group va Schüco o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

photo
AKFA Group
6 aprel, 2024
AKFA Group va Schüco o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

4-aprel kuni Toshkent shahrida AKFA Group bosh ofisida Schüco kompaniyasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Schüco — alyuminiy, PVX va po'latdan yasalgan rom, eshik va fasad tizimlarini ishlab chiqaruvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya 1951-yilda Germaniyaning Bilefeld shahrida tashkil etilgan. Bugungi kunda Schüco butun dunyo bo‘ylab 40 000 ta hamkor kompaniyalar tarmog‘iga ega bo‘lib, o‘z mahsulotlarini 80 dan ortiq mamlakatlarga eksport qiladi. 2022-yil holatiga ko'ra konsernning yillik pul aylanmasi 2 milliard yevrodan oshdi. Schüco mahsulotlari butun dunyoda qo‘llaniladi va sifat, energiya samaradorligi va xavfsizlik bo‘yicha xalqaro standartlariga javob beradi.

Hamkorlik memorandumni imzolash marosimida AKFA Group xoldingining eksport bo‘limi rahbari Farruh Akilov, Schüco kompaniyasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy direktori Ilhan O‘zkal, kompaniyalar bo‘lim rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuv doirasida AKFA Group va Schüco kompaniyalari eng zamonaviy dizayn va qurilish standartlariga javob beradigan yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olishdi. Shu bilan birga kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Imzolangan memorandumga muvofiq AKFA Group’ning BENKAM zavodida Schüco uchun ekstruzion alyuminiy profillari ishlab chiqariladi. AKFA Group korxonalarida ishlab chiqarilgan Schüco brendi ostidagi mahsulotlar butun Markaziy Osiyodagi premium qurilish loyihalarida qo‘llaniladi.

AKFA Group eksport bo‘limi rahbari Farruh Akilovning ta’kidlashicha, Schüco bilan hamkorlik ikki kompaniyalar uchun yangi istiqbollarni ochadi.

«Schüco bilan imzolangan memorandum AKFA Group’ning jahon bozoridagi ulushini kengaytirish strategiyasini amalga oshirishdagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan barcha kelishuvlar AKFA Group va Schüco kompaniyalariga yirik qurilish loyihalarini amalga oshirishda sa’y-harakatlarni birlashtirish imkonini beradi”, — dedi Farruh Akilov.

O‘z navbatida, Schüco’ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy direktori Ilhan O‘zkal kompaniyalar o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari butun qurilish sohasi uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonch bildirdi. “AKFA Group bilan hamkorlik bizga Markaziy Osiyoda qurilish sohasi rivojlantirish uchun tajriba va resurslarimizni birlashtirish imkonini beradi”, — deya izoh berdi Ilhan O‘zkal.

Hamkorlik memorandumining imzolanishi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.


Yangiliklarga qaytish